Toshkent shahridagi Aviator savdo majmuasida yong‘in sodir bo‘ldi
Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi Aviator savdo majmuasida yong‘in kelib chiqdi, deya xabar qildi shahar FVBB.
Ma’lum qilinishicha, 31-yanvar kuni soat 15:47 da savdo majmuasi binosi yonayotgani to‘g‘risida Toshkent shahri FVBBga xabar qilingan.
Shunga ko‘ra, qutqaruv ekipajlari soat 15:53 da voqea joyiga yetib borgan va binodan barcha fuqarolar evakuatsiya qilingan.
FVV ma’lum qilishicha, yong‘in favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Azizbek Ikramov boshchiligida bartaraf qilinmoqda.
“Yong‘in joyiga barcha yetarli kuch va vositalar jalb qilingan bo‘lib, FVV boshchiligida bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Vaziyat to‘liq nazoratga olingan”, — deya qo‘shimcha qilgan vazirlik.
Yong‘in soat 16:50 da qurshab olingan.
Korzinka supermarketlari tarmog‘i yong‘in ikkinchi qavatda, unga ijaraga berilgan hududdan (birinchi qavat) tashqarida boshlanganini tasdiqladi.
“Yong‘in aniqlangach, darhol barcha ko‘zda tutilgan xavfsizlik choralari ko‘rildi. Mijozlar va do‘kon xodimlari tezlik bilan xavfsiz joyga ko‘chirildi. Supermarket xodimlari va mijozlari orasida jabrlanganlar yo‘q”, — deyiladi xabarda.
FVV yong‘in soat 17:17 da o‘chirilganini ma’lum qildi.
“Ayni vaqtda yong‘inning kelib chiqish sabablari va zarar miqdori aniqlanmoqda”, — deyiladi xabarda.